>>Xorijda >>TAKSI HAYDOVCHILARI ISH TASHLADILAR
Gretsiyada 30 ming nafar taksi haydovchisi ikki kunlik ish tashlash e’lon qildi. Taksichilar milliy federatsiyasi prezidenti Eftimios Liberopulosning aytishicha, ushbu norozilik aksiyasida haydovchilarning deyarli barchasi ishtirok etmoqda. Ular mamlakat ma’muriyatining inqirozdan chiqish uchun qo‘llayotgan moliyaviy choralariga qarshi norozilik bildirmoqdalar.
Mamlakat poytaxtida 400 ta avtomashina parlament va Moliya vazirligi tomon harakatlanib, markaziy ko‘chalarda transport harakatini to‘xtatib qo‘ydi.
Shuni ta’kidlash lozimki, taksichilarning benzin solig‘i oshirilishiga (aynan shu chora yonilg‘i narxining 15 foiz qimmatlashuvini keltirib chiqardi) hamda Moliya vazirligining haydovchilardan buxgalteriya kitobi yuritishlarini talab qilishiga qarshi «ogohlantiruvchi» norozilik aksiyasi 11 fevralda ham o‘tkazilgan edi.
Davlat sektori xodimlarining kasaba uyushmalari ham hukumatning davlat sektori xodimlari maoshlari va mukofot pullarini qisqartirish bo‘yicha belgilagan chorasiga qarshi 24 soatlik ish tashlash e’lon qildilar. ITAR-TASS xabariga qaraganda, bu ularning uchinchi bor ish tashlashidir.
10 va 24 fevral kunlari havo yo‘llari xodimlari ish tashlagani bois aviatsiya aloqalarida uzilishlar yuz bergan edi.
8 va 9 mart kunlari esa soliq inspeksiyasi xodimlari ham norozilik aksiyasini uyushtirmoqchi. Ular xuddi shunday aksiyani 4 fevralda ham o‘tkazishgan edi.
|