>>O`zXDP hayoti >>KELAJAK AVLOD TARBIYASIGA E’TIBOR
Avtobusda uyga qaytayotgandim. Zamonaviy kiyingan, sochlari kalta kesilgan bir ayol ikki nafar bolasi bilan oldingi o‘rindiqqa joylashdi. Bolalarning biri yetti, biri to‘rt yoshlarda. Ular birozdan so‘ng to‘polon boshladi. Onasi tergasa ham quloq solmasdi. Ular avtobusdan tushgach, yonimdagi onaxon: — «Esiz, o‘ziga qarashni bilarkan-u, bolalariga tarbiya berishni bilmas ekan», — deb qo‘ydi...
Kuni kecha O‘zXDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan «Barkamol avlod tarbiyasida ayolning o‘rni va ahamiyati» mavzuidagi tadbirda ham yuqoridagi fikrlar alohida ta’kidlandi. O‘zXDP MK a’zolari, Toshkent viloyat va Zangiota tuman partiya kengashlari raislari, partiya faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokidagi mazkur tadbirda mavzu yuzasidan atroflicha mulohaza yuritildi.
— Farzandga berilgan baho, bu eng avvalo ota-onaga berilgan bahodir, — deydi O‘zXDP MK raisi o‘rinbosari Muxtasar Abdurahmonova. — Farzand tarbiyasida ona va uning sog‘lom fikrliligi alohida o‘rin tutadi. Shu maqsadda O‘zXDP tashkilotlari ayollarning avvalo sog‘lom fikrlashini shakllantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash maqsadida ko‘plab tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bugun ko‘tarilgan masala, ayollarning huquqlarini ta’minlash masalasida yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasiga taklif bilan chiqishni maqsad qilganmiz.
— Farzand yaxshi inson bo‘lib voyaga yetishi uchun avvalo oilada muhit sog‘lom bo‘lishi kerak, — deydi Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi ilmiy xodimi Nargizaxon Xonqulova. — Jamiyatimizda yetarli hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan ko‘plab yosh oilalar bor. Hayotning past-balandini ko‘rmagan ota-ona farzandini qanday tarbiyalaydi? Qanday qilib unga ibrat bo‘ladi? Markazimiz xodimlari bilan shu kabi masalalar yuzasidan joylarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etib borayapmiz.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Komila Karomova, Toshkent viloyat partiya kengashi raisi Sirojiddin A’zamov, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi Feruza Rahmatullayeva va boshqalar ham mavzuga doir fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar guruhlarda interfaol usulda bahs-munozara yuritishdi. Unda ishlab chiqilgan takliflar asosida vazifalar belgilab olindi.
Gulruh ODASHBOYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
Abdivosi HAYDAROV olgan surat.
|