>>O`zXDP hayoti >>SIYOSIY BAHSGA KIRISHISH MAS’ULIYATI
avvalo, elektorat manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni chuqur bilish, ularni hal etishga qaratilgan aniq takliflarga ega bo‘lishni talab etadi
Mamlakatimiz Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida siyosiy partiyalar faoliyatini yanada kuchaytirish, xususan, partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar jiddiy, malakali va amaliy negizda olib borilishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Bunga amalda erishish uchun partiya faollari, matbuoti, deputatlardan nimalar talab etiladi?
«O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari tahririyatida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ushbu masalalar muhokama etildi. O‘zXDP Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari Toshkent viloyat, Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari, partiya faollari mazkur masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Davra suhbatini Bosh muharrir Safar OSTONOV olib bordi.
— Qo‘shma majlisda bildirilgan tanqidiy fikrlardan har birimiz, avvalo, tegishli xulosalar chiqarib olmog‘imiz zarur, — dedi u.
Siyosiy partiyalar o‘rtasidagi bahslarda ko‘pincha mayda masalalar bilan cheklanib qolayotganimizni yaxshi bilamiz. Qo‘shma yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamlakat rahbariyatining islohotlarni amalga oshirish borasidagi strategik yo‘lini qo‘llab-quvvatlashdan nariga o‘tilmayapti. Umumiy gaplarga odatlanib qolganmiz. Vaholanki, siyosiy partiya sifatida boshqa siyosiy kuchlar va davlat dasturlariga nisbatan o‘zimizning aniq munosabatimizni bildirishimiz, jumladan, muqobil dasturlarni ilgari surishimiz lozim. Buning uchun mavjud qonunlar bizga yetarli huquq va vakolat beradi. Lekin shu paytgacha bu borada birorta amaliy ish qilganimiz yo‘q. Demak, tabiiyki, siyosiy kuchlar bahsi ham shunga yarasha.
Siyosiy partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralarni kuchaytirish, bu kurash doimiy professional tus olishi uchun nimalar qilmog‘imiz zarur?
Raqobatni chuqurlashtirish, izchil olib borish, jiddiy masalalarni ilgari surish kimlarga, nimalarga bog‘liq?
Kimyo SHOKIROVA: xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, shifokor:
— Nazarimda, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar saylov arafasida ancha jonlandi. Undan ilgari partiyalar o‘rtasida raqobat deyarli kuzatilmagandi. Bahs-munozaralar izchil va amaliy bo‘lishi, avvalo, har bir siyosiy kuchning faollariga bog‘liq. Xo‘sh, bahsni kim olib boradi? Albatta, biz. Parlamentdagi munozaralar asta-sekin quyiga, — shahar, tuman Kengashlari, kerak bo‘lsa, boshlang‘ich tashkilotlar darajasiga tushishi kerak, deb o‘ylayman. Buning uchun har birimiz siyosiy bilimimizni oshirib borishimiz, elektorat manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur o‘rganishimiz kerak.
Dilbar KOMILOVA: O‘zXDP Pskent tuman kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati:
— Avvalo, elektorat, xalq g‘oyalarimizni faol qo‘llab-quvvatlashiga erishish lozim. Ular maqsad-muddaomizni yaxshi bilishi zarur. Raqobatni faqat gap-so‘z bilan emas, balki amaliy ish bilan ko‘rsatish kerak. Bizning tumanda ham saylov jarayoni qizg‘in bahs-munozaralar asosida o‘tdi. Kuchli raqobat kuzatildi. To‘g‘ri, saylovlar jarayonida raqobat bo‘lishi tabiiy. Lekin biz har qancha jozibador va’dalarni bermaylik, odamlar baribir amaliy ishimizga qarab faoliyatimizga baho beradi. Shu bois, saylovdan keyingi raqobat dasturiy maqsadlarni amalga oshirish yuzasidan bo‘lishi talab etiladi.
Noila ODILOVA: Toshkent viloyati Endokrinologiya dispanseri bosh hamshirasi, O‘zXDP boshlang‘ich tashkiloti raisi:
— Amaliy ish partiya obro‘sini oshirishiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Bizning jamoamizda ayrim muammolar yuzaga kelgan edi. BPT murojaatini qo‘llab, tuman, viloyat partiya kengashi aralashuvi bilan masala hal etildi. Natijada jamoaning o‘n nafar a’zosi safimizga kirishga qaror qildi. Boshlang‘ich tashkilotning hurmati ortdi, partiyaning tarafdorlari ko‘paydi.
Damir SIDIQOV: xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a’zosi:
— To‘g‘ri, bahs-munozarada dasturiy g‘oyalarimiz muhimligini aytib, odamlar e’tiborini tortishga uringanimiz bilan amaliy ish ko‘ngildagidek bo‘lmasa, siyosiy kurashda yutqazamiz. Siyosiy partiyalar bilan bahsga kirishar ekanmiz, avvalo, ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilar haq-huquqlari, manfaatlari himoyasi yo‘lida nimalar qilishimiz kerakligini aniq bilishimiz zarur. Buning uchun, har birimiz elektoratimizni o‘ylantirayotgan muammolarni chuqur o‘rganib borishimiz, ularning yechimi bo‘yicha hayotiy takliflarga ega bo‘lishimiz talab etiladi. Bu borada BPT bilan mustahkam aloqa qilishimiz muhim ahamiyatga ega. Sababi, boshlang‘ich tashkilotlarimiz yetakchilari joylarda odamlarni qaysi masala ko‘proq tashvishga solayotganini yaxshi biladi. Biz xalqni qiynayotgan masalalarni o‘rganmay turib, amaliy faoliyatni kuchaytira olmaymiz. Siyosiy bahsga ham kirisholmaymiz. Muqobil takliflar ham aytolmaymiz. Demak, siyosiy bahs-munozaraga kirishishdan oldin, elektorat muammolaridan chuqur xabardor bo‘lish lozim.
Sharbat ABDULLAYEVA: O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari:
— Siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatini shakllantirishda eng asosiy kuch hisoblanadi. Ammo biz jamiyat taraqqiyotiga ta’sir etuvchi mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayapmiz. Partiyalar o‘rtasida bo‘layotgan bahs-munozaralar, birinchidan, izchil emasligini tan olmog‘imiz kerak. Ikkinchidan, tortishuvlarimiz amaliy negizda olib borilmayotgani ham bor gap. Partiyalar o‘rtasida asosan g‘oyaviy kurash bo‘lishi kerak. O‘zimiz qaysi jihatlarimiz bilan boshqa partiyalardan farqlanamiz? Boshqa partiyalarning qaysi g‘oyalari bizning elektorat manfaatiga zid. Yoki hayotiy emas.
Shunchaki, nomiga, yuzaki bahs-munozara hech kimga kerak emas. Raqobat asosli, samarali bo‘lishi, elektorat manfaati, Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligiga xizmat qilishi zarur. Ya’ni, tortishuv, bahs-munozaralar o‘zining ijobiy mevasini bersin, odamlarga, jamiyatga foydasi tegsin.
Nodir JUMAYEV: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Ijtimoiy sohadagi qonunlarni tizimlashtirish partiyamiz, fraksiyamizning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerak. Bunda, albatta, masalaga elektoratimiz manfaatlari nuqtai nazaridan yondashamiz. Bu borada mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyamiz yetakchilari, faollari, boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan o‘rganilgan masalalar, tahlillar bizga asos bo‘lishi lozim.
Bahsga dadil kirishish, yengib chiqish uchun aniq ma’lumotlar, tahliliy xulosalarga ega bo‘lishimiz kerak. Shunda amaliy, jonli, konstruktiv bahs bo‘ladi. Har qanday munozaradagi so‘zimiz, takliflarimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarning manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga bevosita qaratilgan bo‘lishi zarur.
Kimyo SHOKIROVA:
— Mahallalarda XDPning a’zolari, boshlang‘ich tashkilotlari mavjud. Bundan tashqari, mahalliy partiya kengashlari qoshida elektorat bilan ishlashning betakror tuzilmasi bo‘lgan Jamoatchilik qabulxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ochig‘ini aytganda, qabulxonalarimizdan ham, boshlang‘ich tashkilotlarimizdan ham ijtimoiy masalalar, ijtimoiy-siyosiy hayot monitoringini olib boradigan markazlar sifatida yetarli foydalanmayapmiz.
Bahodir VAHOBOV, O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:
— Tuman, viloyat Kengashlari deputatlari bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasida hamkorlik, aloqani kuchaytirish kerak. Tajriba almashishning samarali mexanizmi yaratilmagan. Shuning uchun ham partiyamiz tizimida, barcha darajadagi deputatlar faoliyatida tarqoqlik bor. Bunday sharoitda kuchli raqobatga kirishishning o‘zi qiyin.
Gulchehra KARIMOVA: Yunusobod tumanidagi Oqtepa mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi, O‘zXDP boshlang‘ich tashkiloti raisi:
— Siyosiy partiyalar haqida aytilgan tanqidiy fikrlar aynan boshlang‘ich tashkilotlarga qaratilgan, deb hisoblayman. Boshlang‘ich tashkilot siyosiy kuchning suyanadigan asosiy ustuni ekan, ushbu bo‘g‘in ishlamasa, faollik ko‘rsatmasa, partiya biron-bir maqsadni amalga oshira olmaydi. Tuman, shahar partiya kengashlarini tergab turadigan, deputatlarimizni muammolardan xabardor etadigan, ular oldiga jiddiy masalalar qo‘yadigan kim? Aslida bu vazifani biz bajarishimiz kerak emasmi? Ana shunda boshqa siyosiy partiyalar bilan raqobat ham amaliy tus oladi.
Noila ODILOVA:
— Men ham shu fikrlarni davom ettirmoqchiman. Boshlang‘ich tashkilotlarimiz korxona va idoralar, fuqarolar yig‘inlarida faoliyat ko‘rsatadi. Ularning atrofiga faol kishilar birlashgan. Yetakchilar a’zolarning boshini biriktirib, tegishli hududdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat monitoringini olib borishi zarur. Elektoratimizni tashvishga solayotgan masalalarni chuqur o‘rganib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadga muvofiq. Misol uchun bir tumandagi barcha boshlang‘ich tashkilot shunday faoliyat ko‘rsatsa, bu tuman partiya kengashi, deputatlik guruhi hududdagi umumiy ahvolni chuqur tahlil etib borishi uchun asos bo‘ladi. Sessiyalar kun tartibiga ham shundan kelib chiqib, turli masalalarni kiritish mumkin.
Kamoliddin AKROMOV: O‘zXDP Sobir Rahimov tuman kengashi raisi:
— Tuman partiya kengashlarida ekspertlar guruhlari mavjud. Biroq ularning faoliyatini izchil yo‘lga qo‘ya olmayapmiz. Bugun hayot partiya kengashlarida analitik markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Ana shunda deputatlarimiz faoliyatini kuchaytirishga asos bo‘ladigan hujjatlar ishlab chiqamiz. Bahs-munozaraga kirishish uchun bizga aynan shu zarur. Malakali iqtisodchilar, siyosatshunoslar, sotsiolog va boshqa mutaxassislar deputatlarimizni doimiy ravishda uslubiy, metodik materiallar bilan ta’minlab turish tizimiga katta ehtiyoj sezilmoqda.
Abdumannob RAHIMOV: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Yaxshi deputat, yaxshi siyosatchi ertangi kunni ko‘ra olishi kerak. Albatta, tahlil, mushohadasiz uzoqni ko‘rib bo‘lmaydi. Prezidentimiz umumiy gapdan amaliy ishga o‘tish, faol ish olib borish davri kelganini ta’kidladi. Ekspertlarimiz talab darajasida ishlamasa, tahliliy guruhlarimiz bo‘lmasa, biz nimaga asosan muqobil dasturlar ishlab chiqamiz? Nomiga tuzilgan dasturning hech kimga foydasi yo‘q-ku. Demak, biz avvalo hayotni chuqur o‘rganib, elektorat turmushini kuzatib, tahlil qilib borsakkina davlat idoralari oldiga asosli takliflarni qo‘ya olamiz, siyosiy bahslarimiz amaliy bo‘ladi.
Sharbat ABDULLAYEVA:
— Yuqorida to‘g‘ri ta’kidlab o‘tildiki, elektoratimizni tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganishda bizda o‘ziga xos tajriba bor. Masalan, Jamoatchilik qabulxonalarini olaylik. Biz u orqali aholi muammolarini yaxshi bilib olamiz. Ammo bu tuzilmada muammolar faqat o‘rganish va ularning tor doirada yechimini topish bilan cheklanib qolayapti. Demak, qabulxona faoliyatini rivojlantirish, takomillashtirishga e’tibor qaratishimiz kerak. Ko‘pchilik uchun xos bo‘lgan masalalarni mahalliy Kengashlar sessiyalariga olib chiqish zarur. Mahalliy hokimliklarni ham elektoratimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar yuzasidan tinch qo‘ymaslik kerak.
— Deputatlar faoliyatini izchil, samarali, aniq maqsadga yo‘naltirilgan asosda tashkil etish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Sababi, ayrim deputatlarimiz partiya tashkilotlari bilan aloqani uzib qo‘yadi. Har bir deputat vaqti-vaqti bilan o‘zining nomzodini ko‘rsatgan partiya kengashiga hisobot berish tartibi yo‘lga qo‘yilsa bo‘lmaydimi? Partiya kengashi deputatning yoki deputatlik guruhining axborotini eshitib, uni muhokama qilib tursa, deputatning mas’uliyati oshadiku!
Abdumannob RAHIMOV:
— Kechagi saylovlarda xalq faqat shaxsga emas, partiyalar dasturlariga qarab nomzodlarga ovoz berdi. Demak, deputat partiya oldida ham mas’ul. Buni his qilish, meni xalq sayladi, partiya emas, degan kayfiyatdan voz kechishi kerak. Partiya uning nomzodini ko‘rsatmasa, qanday saylanar edi?
Bahodir VAHOBOV:
— Biz deputatlikka nomzodlar tanlash bilan asosan saylov yaqinlashgandagina shug‘ullanamiz. Partiyamizda turli darajadagi deputatlikka nomzodlarni avvaldan tayyorlash mexanizmi yo‘q. Endi, saylangan deputatlarimiz tarkibiga e’tibor qarating. Biri injiner, biri o‘qituvchi, iqtisodchi, yana biri boshqa kasb egasi. Partiyaviy-siyosiy ishlarda ularning tajribasi yetarli emas, albatta. Shuning uchun partiya kengashlari deputatlar o‘quvini muntazam tashkil etib borishi kerak.
Kamoliddin AKROMOV:
— Partiya deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatdi, ularning saylanishi uchun kurashdi. Endi deputatlar o‘zlari ishlasin, deb qarab o‘tirish ham mutlaqo noto‘g‘ri. Hamjihatlikda harakat qilinsa, maqsadga erishish mumkin. Deputatlarga uchrashuvlar o‘tkazish, qabullarni tashkil qilishda yordamlashish zarur.
Bahodir VAHOBOV:
— Hokimliklar mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini tayyorlaydi. Ammo ba’zi joylarda partiya kengashlari, deputatlar bundan bexabar, go‘yoki aloqasi yo‘qdek yurishadi. Aslida, dastur loyihasini avvaldan muhokama qilish, takliflarimizni unga kiritish mexanizmini shakllantirib olish kerak. Biz bahs-munozara faqat siyosiy partiyalar o‘rtasida bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz. Ichki partiyaviy bahs ham bo‘lmog‘i lozim. Qolaversa, elektorat manfaatini himoya qilib, hokimiyat idoralari bilan ham bahs yuritishga to‘g‘ri keladi.
* * *
— Birgina davra suhbatida masalaning barcha jihatlarini qamrab olish qiyin, albatta. Ammo bugungi kun talabini hammamiz chuqur anglab yetmog‘imiz zarur. «Sen menga tegma, men senga», degan murosasoz mudroq davrlar o‘tdi, endi. Bugun partiyamiz chinakam siyosiy kuchga aylanishi uchun har birimiz faol va tashabbuskor bo‘lmog‘imiz zarur. Maqsadga erishish — kurash, qat’iylikni va fidoyilikni talab etadi. Kurashish — bahs-munozara yuritish uchun siyosiy bilim, hayotni, elektorat muammolarini chuqur bilish talab etiladi. Biz bunga qay darajada tayyormiz? Bu savol ustida har birimiz jiddiy o‘ylab, tegishli xulosa chiqarib olmog‘imiz lozim.
«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari
Behzod SHUKUROV,
Gulruh ODASHBOYEVA yozib oldi.
Abdivosi HAYDAROV olgan suratlar.
|