>>Xorijda >>AVIAXODIMLAR NOROZILIGI ORTIB BORMOQDA
Ayni paytda Yevropa fuqaro aviatsiyasi qiyin kunlarni boshidan kechirmoqda. Gap shundaki, Yevropada aviatsiya xodimlarining ish tashlashlari davom etmoqda. Internet manbalarida qayd etilishicha, hafta boshida, ya’ni dushanba kuni Germaniyaning «Lufthansa» yirik aviakompaniyasi uchuvchilari 4 kunlik ish tashlash e’lon qilgani bois, 800 taga yaqin parvozlar bekor qilingan edi. «Cockpit» professional uyushmasiga a’zo 4 mingdan ortiq uchuvchi mehnat xavfsizligi talablari oshirilishini, kam maoshga ishlovchi uchuvchilar xorijdan ishga jalb etilishiga chek qo‘yilishini, shuningdek, mahalliy uchuvchilarning mehnat bilan bandligi kafolatlanishini talab qilmoqda.
«Associated Press» AA ma’lum qilishicha, bugungi kunda Germaniya aviakompaniyasi xarajatlarni kamaytirish uchun eng kam maosh to‘lanadigan mamlakatlardan malakali uchuvchilarni ishga jalb etish tajribasini qo‘llamoqda. Bu esa katta miqdordagi maoshga ishlovchi mahalliy uchuvchilarga yoqmayapti. Negaki, bu harakat ularga o‘z ish o‘rnini yo‘qotish xavfini tug‘diradi.
Ushbu norozilik aksiyasi yo‘lovchi tashuvchi «Lufthansa» aviakompaniyasidan tashqari yuk tashuvchi yirik «Germanwing» aviakompaniyasini ham qamrab oldi. Ekspertlar bu aksiyani «Lufthansa»ning keyingi 10 yillik tarixidagi eng yirik ish tashlash, deya ta’kidlamoqdalar.
Umuman olganda, norozilik aksiyasi Yevropaning boshqa shaharlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. «AG‘R» AA xabar tarqatishicha, Fransiyaning «Air France» aviakompaniyasi aviadispetcherlari ham seshanbadan e’tiboran 5 kunlik ish tashlash e’lon qildi. Bu norozilik aksiyasi joriy yilning o‘zida ikkinchi marta uyushtirilishidir. Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ish tashlash «Orli» aeroportidan uchuvchi har ikkinchi, «Ruassi-Sharl de Goll» aeroportidan ko‘tariluvchi samolyotlarning esa 25 foizining parvozi qoldirilishiga olib keladi. «Po», «Biyarritsa», «Grenoblya», «La Roshel» va «Shamberi» aeroportlarida esa parvozlar butunlay to‘xtatilishi mumkin.
ITAR-TASS xabariga qaraganda, aviadispetcherlarning bu qadar keng miqyosli ish tashlashiga sabab kelajakda ular o‘z ish joylarini saqlab qola olmaslik xavfining yuzaga kelganidir.
Ma’lumki, Fransiya Yevropaning Belgiya, Germaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya va Shveytsariya singari mamlakatlari bilan hamkorlikda 2012 yilgacha havo yo‘llari transporti qatnovlarining yagona nazorat tizimini yaratish rejasi ustida ish olib bormoqda. Ta’kidlash lozimki, xalqaro globallashuvning yanada chuqurlashuvi kelgusi 15 yilda Yevropa Ittifoqining ichki aviatrafigi 50 foizga o‘sishini ta’minlaydi. Demak, bu o‘z-o‘zidan aviaqatnovlar nazorati yuzasidan hamkorlikni kuchaytirishni talab etadi, shu bilan birga yagona nazorat tizimini yaratishga ehtiyoj tug‘diradi.
Ammo bu yagona tizimni yaratish tashabbusi Fransiya aviatsiyasi kasaba uyushmalarining noroziligini keltirib chiqarmoqda. «Xalqaro nazorat tizimining yaratilishi Fransiya aviatsiyasi ichki milliy tarmog‘ida ish o‘rinlarining ommaviy qisqartirilishini yuzaga keltiradi» deyiladi Fransiya dispetcherlari birlashmasi bayonotida. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi tizim yaratilishi natijasida mamlakat fuqaro aviatsiyasining 12 ming kishilik jamoasidan 4 mingi qisqarishga tushadi.
Ommaviy ish tashlashlar to‘lqini ayni paytda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan juda qiynalayotgan Gretsiyani ham chetlab o‘tmadi. Kecha mamlakatda aviaqatnovlar deyarli to‘xtab qoldi. Jumladan, Gretsiyaning yetakchi aviakompaniyalari bo‘lmish «Olimpic Air» va «Aegean Airlines» mahalliy va xalqaro parvozlarni bekor qildi. Afinaning «Eleftorios Venizelos» xalqaro aeroporti esa barcha parvozlarni qoldirish bilan birga aeroportga qo‘nuvchi samolyotlar qabul qilinishi to‘xtatilishini bildirdi.
«Novosti» AA xabar berishicha, Gretsiya aviadispetcherlari mamlakatning davlat va xususiy sektori vakillarining ommaviy ish tashlashiga qo‘shildilar. Ular hukumatning byudjet xarajatlarini kamaytirish haqidagi bayonotlariga qarshi norozilik bildirmoqda. Ushbu aksiyaga mamlakatning davlat va xususiy sektori kasaba uyushmalari bosh-qosh bo‘lmoqda.
Ma’lumki, Gretsiya inqiroz bois byudjet kamomadiga va katta miqdorda qarzga botib qolgan. Mamlakatni qarz botqog‘idan olib chiqish va iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun inqirozga qarshi choralar dasturi Yevropa Ittifoqi nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Darvoqe, norozilik aksiyalari to‘lqini Buyuk Britaniyaning «British Airways» aviakompaniyasini ham qamrab olish ehtimoli yo‘q emas. Aviakompaniyaning bortkuzatuvchilari yaqin kunlarda uzoq muddatli ish tashlash aksiyasini o‘tkazish uchun ovoz berdilar. Internetning «Vesti.Ru» saytidagi axborotda qayd etilishicha, aviakompaniya ma’muriyatining aviakompaniya ko‘rayotgan zararni kamaytirish uchun bortkuzatuvchilarning ish o‘rinlarini va aviakompaniya xodimlari maoshlarini qisqartirish rejasi norozilikni keltirib chiqardi.
Ish tashlashni qachon va qancha muddat o‘tkazish bugun-erta kasaba uyushmalari tomonidan belgilanadi. Kasaba uyushmalar vakillari shuni alohida ta’kidlashmoqdaki, ular aviakompaniya ma’muriyati bilan muzokara o‘tkazishga tayyor. Agar rahbariyat ular talabiga ko‘nsa, aksiya bekor qilinishi mumkin. Biroq aviakompaniya mutasaddilari aksiyaga qarshi choralar yuzasidan ish boshladi, ya’ni uchuvchilarning o‘zlarini bortkuzatuvchilik vazifasini bajarishga o‘rgatmoqda. Agar bortkuzatuvchilar ish tashlashsa, uchuvchilar ularning yo‘qligini bildirmay turadi.
Qisqasi, bugun Yevropa fuqaro aviatsiyasida ahvol tobora murakkablashib bormoqda. Uning miqyosi yanada kengayishi yoki bartaraf etilishi mamlakatlar rahbarlari ko‘radigan choralarning salmog‘i va ijtimoiy muhofazaga bog‘liq.
Alimqul SULTONOV sharhladi.
|