Uzb | Rus
Bugun 29 Iyul  2010 y.
  >>Siyosat   >>TRANSCHEGARAVIY DARYOLAR

Xalqaro ahamiyatga ega, undan foydalanishning tartib-qoidasi bor

Biz Orol bo‘yida yashaymiz. Orol fojiasi birinchi navbatda mana shu zaminda yashaydigan odamlar boshiga katta kulfat keltirdi. Ulkan ekologik inqiroz jabrini hammadan ko‘ra biz ko‘p tortmoqdamiz. Ammo, bu faqat bizning kulfatimiz emas, u dengiz atrofida yashaydigan million-million boshqa xalqlar hayotiga ham falokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, hatto keng ko‘lamli mintaqa genofondida kuzatilmoqda. Nainki odamlar, balki hayvonot va o‘simliklar dunyosi ham bundan aziyat chekmoqda. Buning nima ekanini yuragidan o‘tkazgan biladi. Bu mislsiz fojia suvga, daryolarga, tabiatga bepisand munosabat tufayli kelib chiqqani kunday ravshan, albatta. Tabiat va inson muayyan qonuniyat asosida munosabatda bo‘ladi.

Bu qonuniyatni buzish o‘nglab bo‘lmas ekologik falokatga olib keldi. Lekin kommunistik dunyoqarash, bolshevikcha mantiq bu haqiqatni tan olgan emas. Orol dengizini halokatga olib kelgan shu!

Ma’lumki, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida sho‘ro siyosatiga xos balandparvozlik, noreal ko‘rsatkichlar ortidan quvish avj oldi. Sovet kishisining yengilmas irodasi, kuch-qudratini, hatto tabiat ustidan g‘olib kelishini namoyish etish uchun gigant ishlar boshlab yuborildi, O‘rta Osiyo respublikalarida oqibati o‘ylanmasdan cho‘llar o‘zlashtirildi, daryolarning yo‘li to‘silib, ko‘plab suv omborlari va yirik gidroinshootlar qurildi.

Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik vaziyat global muammoga aylangach, sho‘ro matbuoti unga e’tibor qaratdi. Lekin aksariyat gazetalar voqelikni buzib talqin etgani sir emas. «Bu yurtda go‘daklar jon berar oson» degan bir maqola hamon yodimda. U «Komsomolskaya pravda»ning 1990 yil 25 aprel sonida chiqqan. Muallif: «Orol bo‘yida ochlikdan o‘layotgan onalar va bolalar ko‘payib ketmoqda», deb yozadi. Holbuki, onalar va bolalar ochlikdan emas, dengizning qurishi, undan har yili havoga 75 million tonna tuz va chang ko‘tarilishi, yeru osmonning bulg‘anishi tufayli kasallanib qurbon bo‘lgan. Gazeta O‘rta Osiyo respublikalari bolalar o‘limi bo‘yicha ittifoqda birinchi o‘rinda ekanini ta’kidlab, tug‘ishni rejalashtirmasa, ahvolni o‘nglash qiyin, degan xulosa chiqaradi. «Izvestiya» gazetasi esa, Orolni quritib, o‘rnida dehqonchilik qilish kerak, degan fikrni ilgari suradi. Holbuki, shusiz ham aholi o‘rtasida rak, sil kasalligi, ayollarda kamqonlik kuchaygan, bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda nafas yo‘llari kasallanishi g‘oyat ko‘paygan edi. Buning yana bir sababi — shaharlarning 67 foizi, ovullarning atigi 10 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi, xolos.

Bir vaqtlar Orol bo‘yida 175 ming gektar to‘qayzor, unda turfa o‘simlik va hayvonlar bo‘lgan, qarangki, xatar ularni ham chetlab o‘tmadi. O‘shanda Orol kulfatini qanday bartaraf etish mumkin, degan tashvishli savol ko‘p aytildi, ammo biron-bir asosli javob bo‘lgan emas.

Yodimda, 1989 yili Islom Karimov O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshlagach, yalpi aholi jiddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shunda uning 63,3 foizida turli kasalliklar borligi aniqlanib, 380 ming bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 3529 bemor malakali shifo olsin deb, boshqa respublikalarga, nufuzli shifoxonalarga jo‘natilgan.

1991 yili tabiatni muhofaza qilish maqsadida «Sudache» va «Saygachiy»da, shuningdek, Ustyurtning ikki hududida yirik buyurtmaxonalar tashkil etildi...

O‘tgan vaqt ichida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash borasida ko‘p ish qilindi. Orol bo‘yida yashil hudud yaratilmoqda. Yuzlab tibbiyot muassasalari xalq xizmatida, odamlar salomatligi izchil nazoratda. Ayniqsa, onalar va bolalarga tibbiy g‘amxo‘rlik diqqatga sazovor. Shuningdek, aholini tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bog‘-rog‘lar, xiyobonlar barpo etilmoqda. Bular yaxshilikka, albatta. Lekin dengizning o‘rnini nima bosa oladi?! O‘tgan qirq besh yil ichida Orolning sathi 1,7 barobar pasaydi. Undagi suv miqdori 1083 kubokilometrdan 115 kubokilometrga kamaydi. Iqlim o‘zgardi. O‘simlik va hayvonot dunyosi jiddiy talafot ko‘rdi. Bugun hayvonot turining 184 xili, o‘simliklarning 301 xili Qizil kitobga kirgani bejiz emas. Shuning uchun ham Prezident Islom Karimov: «Orol muammosi mamlakatimiz yoki Markaziy Osiyoga taalluqli bo‘lib qolmay, jahonshumul muammo» ekanini alohida ta’kidladi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48- hamda 50-sessiyalarida jahon hamjamiyati e’tiborini unga qaratdi...

Biz tabiat bilan bir butunmiz, undan alohida yashay olmaymiz. Shunday ekan, uni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz lozim.

Hech kimga sir emas, XXI asrning boshiga kelib, yer yuzida iqlim tubdan o‘zgardi. Zilzila va to‘fonlar, qor bo‘ronlari va suv toshqinlari, yuqumli kasalliklar va favqulodda halokatlar ko‘z ochirmay qo‘ydi. Tabiiy ofatlar kishilar boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirmoqda. Buning sababi oddiy: atrof-muhitning holati global darajada yomonlashdi. Odamzotning tabiatga hukmimni o‘tkazaman, degan zo‘ravonlarcha harakati mana shunga olib keldi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, Rog‘un gidroinshooti qurilishi haqidagi xabar meni qattiq o‘ylantirdi. Nimaga desangiz, 1988 yili Rog‘unga borib, qurilishni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U dengiz sathidan qariyb uch ming metr balandlikda, g‘oyat ulkan inshoot. Vahsh daryosida bundan tashqari Nurek, Vahsh singari bir necha GESlar, yirik suv omborlari qurilgan. Ularning suv sig‘imi 5-6 kubokilometrdan oshmaydi. Rog‘un suv omborining loyiha quvvati esa 19 kubokilometr, betonlashtiriladigan gidrokaskadi balandligi 250 metr... Tasavvur qiling: Aydarko‘lning suvi 34 kubokilometr, Rog‘un suv ombori shuning yarmidan ko‘pini o‘zida saqlashi ko‘zda tutilgan. Holbuki, busiz ham muammo yetarli. 2008 yili Santuda GESi va suv ombori ishga tushdi, mana shuning oqibatida Amudaryoning quyi oqimida kuchli suv tanqisligi yuzaga keldi.

«Ishonchim komilki, suv butun insoniyatning mulki, u alohida bir odamning mulki bo‘la olmaydi», — deydi Yevropa xalqaro munosabatlar instituti vitse-prezidenti Lipper. Bu juda oqilona fikr.

Rog‘un GESi qurilishini davom ettirishdan avval loyihani mustaqil ekspertizadan o‘tkazish zarur, degan fikr juda o‘rinli. Bu loyiha qirq yil muqaddam, sobiq ittifoq gigantparastlik kasaliga mubtalo bo‘lgan vaqtda ishlangan. Qanday qilib eskirgan loyihaviy, konstruktorlik va texnologik yechimlarga ishonish, o‘tgan zamondan qolgan loyihaga tayanib ish ko‘rish mumkin? Qolaversa, o‘tgan vaqt ichida shunga o‘xshash ayrim gidroinshootlarda turli falokatlar yuz berdi, bu o‘rinda Sayan-Shushensk, Nurek, yoki bo‘lmasa, boshqa GESlarda sodir bo‘lgan noxush voqealarni eslash kifoya.

Yodimda, 1988 yili Germaniyaning Yashillar partiyasi bosimi ostida Rog‘un suv ombori gidrokaskadi balandligini 250 metrdan 150 metrga pasaytirishga qaror qilingan. Bu shuni ko‘rsatadiki, loyihaning pishiq-puxta va mukammal ekaniga o‘sha vaqtda ham ishonch bo‘lmagan. Mana shunday vaziyatda oxirini o‘ylamay ish ko‘rish o‘z uyingni buzish bilan barobar. Sodir etilgan xatoliklarni tuzatmay turib, yana xatolikka yo‘l qo‘yish kulfatimizni oshiradi, xolos.

Rog‘un GESi qurilishi haqida gap ketganda, bu ishlar Ilyak-Vahsh faol zilzila hududida olib borilayotgani, seysmik jihatdan o‘ta xatarli bu joyda 9 balldan oshiq yer osti silkinishlari ro‘y berish xavfi borligi aytilmoqda, ammo negadir yirik suv ombori qurilish masalasiga jiddiy qaralmayapti. Kuchli zilzila xatari mavjud bo‘lgan bu hududda bir dunyo suvni saqlash hech bir xalqqa baxt yoki omad keltirmaydi.

Transchegaraviy daryolar xalqaro ahamiyatga molik bo‘lib, undan foydalanishning o‘ziga xos tartib-qoidasi bor. Bunday daryolar uning havzasida yashovchi barcha xalqlarga birdek taalluqli bo‘ladi. Undan o‘zgalar ziyoniga foydalanish mumkin emas. Bunga hammamiz birdek rioya qilishimiz lozim. Chunki bunday daryolardan faqat o‘zini o‘ylab foydalanish daryoning quyi qismida yashayotgan million-million aholi uchun, dehqonchilik uchun ko‘pdan-ko‘p muammo keltirib chiqaradi. Birgina misol, toza ichimlik suvi yildan-yilga taqchillashib bormoqda. Hatto dehqonchilikda ham suvga ehtiyoj kuchaymoqda. Suvni tejash uchun tomchilatib sug‘orish joriy etilmoqda. Mana shunday vaziyatda suvning yo‘lini bog‘lab o‘tirish insofdanmi?!

Qolaversa, bugungi kunga kelib, dunyo miqyosida muqobil energiya manbalariga ehtiyoj ortdi, ko‘pgina mamlakatlar elektr quvvati olishda atrof-muhitga, tabiatga beziyon omillardan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari — shamol, bioenergiya, quyosh energiyasidan foydalana boshladi. Bu — bejiz emas. Ular ulkan gidroinshootlar qurishga qurbi yetmagani uchun emas, balki uzoqni ko‘ra olgani uchun shunday yo‘l tutmoqda. Yaqin kelajakda yer yuzida elektr quvvatiga bo‘lgan talabning yigirma foizini shamol bosimida ishlovchi qurilmalar yig‘ib beradi. Demoqchimizki, zamon talabini ham unutmaslik kerak.

Hayot shiddat bilan o‘zgarmoqda. Tabiat bizdan oqilona yondashuv talab etmoqda. Yer yuzida, tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan tizginsiz voqea-hodisalar shunday saboq chiqarishga undaydi. Rog‘un GESidek gigant gidroinshootlar barpo etish butun mintaqadagi ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Buni Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi suv zaxiralari bo‘yicha davlatlararo komissiya vakili Denis Sorokin ham ta’kidlab o‘tdi. Menga qolsa, Rog‘un GESi qurilishi — mintaqaviy ekologik inqiroz loyihasi, degan bo‘lar edim. Shunday xavf mavjud, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, mamlakatimiz Bosh vazirining Tojikiston Bosh vaziriga Rog‘un GESi qurilish masalasida yo‘llagan xati menga qattiq ta’sir qildi. Unda bu xavfu xatarga qayg‘urish va oldini olishga, hamjihatlik bilan muammo yechimini topishga chaqiriq bor, bizning dardimiz bor...

O‘razboy ABDURAHMONOV,
Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Iyul >>
Y D S Ch P J Sh
        1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.