Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>San’at   >>SHUKRONALIK MADHI

Bugun yurtimizda taniqli san’atkorlar O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozodbek Nazarbekov birgalikda ijro etgan “Shukronalik” nomli qo‘shiq kirib bormagan biror xonadon bo‘lmasa kerak. To‘rt daqiqagina davom etadigan ushbu qo‘shiq zamirida tinchlik, farovonlik, osoyishtalik, ko‘ngil xotirjamligi ta’sirli ohanglar ila tarannum etilgan.

Biz bilan suhbatda el suygan san’atkor Orolmirzo Safarov ushbu qo‘shiqni yaratilishi, shuningdek, bugungi milliy qo‘shiqchiligimiz haqida quyidagilarni gapirib berdi.

Aziz tuyg‘u — O‘sha vaqtda Ozodbek o‘zining 2009 yilning 4-19 aprel kunlari bo‘ladigan konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Uchrashuvlarimizning birida u menga, ustoz, keling, mana shu konsertimda bugungi osoyishta kunlarimizga bag‘ishlab biror bir qo‘shiqni birgalikda ijro etsak, degan fikrni bildirdi. Shogirdimning chin yurakdan aytgan bu taklifini jon deb qabul qildim.

Tez orada, Botir Ergashev so‘zi, bastakor Musaxon Nurmatov musiqasi bilan mazkur qo‘shiq dunyoga keldi. Uni ilk bor “Istiqlol” san’at saroyining muazzam sahnasida ijro etdik. Bugun ham turli gastrol safarlarida, el xizmatida yurgan vaqtlarimizda yurtdoshlarimiz bizdan shu qo‘shiqni kuylashni qayta-qayta iltimos qilishmoqda. Shuningdek, chet ellarda tahsil olayotgan yoshlarimiz, xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz ham ana shu taronadan zavq olgani, undan ta’sirlangani haqida ko‘p aytishadi.

Minnatdorlik — O‘zbekiston xalq hofizi unvonini olganim haqidagi xabarni yo‘lda, Samarqanddan, gastrol safaridan qaytayotganimda eshitdim. Uni menga xonanda Shuhrat Qayumov qo‘ng‘iroq qilib yetkazdi va birinchi bo‘lib tabrikladi. Shu o‘rinda kamtarona mehnatlarimni munosib baholab, mana shunday yuksak unvonga loyiq deb topgan Prezidentimizga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Fursatdan foydalanib, shu darajaga yetishimda o‘zining hissasini qo‘shgan ustozlarim, eng avvalo, meni dunyoga keltirgan ota-onamga, ilk bor qo‘limga soz tutgan akam Abduhamid Abdumannonovga, bolaligimda meni tarbiyalab, sen hali elimiz ardog‘idagi san’atkor bo‘lasan, deya ishontirgan to‘garak rahbarimiz Bolta Rajabovga, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari Aziz To‘rayev, Matnazar Xudoynazarovlarga chin qalbimdan rahmat deyman.

Bu kunlar qadri — Bugun yurtimizda san’at ahliga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, yosh iste’dodlarga yaratilgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar meni quvontiradi.

Shundan bo‘lsa kerak, hozirda ko‘plab yoshlarimiz, sozandalarimiz xorijdagi turli festivallarda, ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ular nafaqat ona tilimizdagi milliy navolar, balki jahon klassiklarining mumtoz kuy-qo‘shiqlaridan ham yaxshigina xabardor. Birgina misol, o‘tgan yilning bahorida Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan “Ozarboyjon maqomlari” festivalida buxorolik iste’dodli xonanda Yulduz Turdieva oliy o‘rin — gran-pri sohibi bo‘ldi. Bu shubhasiz, juda katta muvaffaqiyat.

Bundan tashqari, yurtimizning yosh, iqtidorli pianinochilari, skripkachilari, dutorchilari Italiya, Chexiya, Fransiya, Germaniya singari davlatlarda ham akademik, ham milliy yo‘nalishda o‘tkaziladigan yirik festivallarda ishtirok etib, hech kimdan kam emasliklarini isbotlashmoqda.

Men 1992 yildan beri Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining xalq ijodiyoti musiqasi fakultetida faoliyat ko‘rsatib kelyapman. Bu yerda talabalarga an’anaviy yakkaxon xonandalik fanidan dars beraman.

Elning nazaridagi shogirdlarim talaygina. Ular Safar G‘ofurov, taniqli xonanda Alijon Isoqov, hozirda institutimizda tahsil olayotgan talabalardan Azizjon Talabboev, O‘tkirjon Fozilov, Dilxush Oripovlarni kelajakda yetuk san’atkor bo‘lib yetishishiga ishonaman.

Eng avvalo, tinchligimizga, xotirjamligimizga ko‘z tegmasin. Boshlangan yangi yilda barchamizning yaxshi niyatlarimiz, ezgu orzularimiz ijobat bo‘lsin. Biz san’atkorlar esa yaxshi qo‘shiqlar yaratib, el-yurt xizmatida kamarbasta bo‘laylik.

Ishonamanki, 2010 yilda bugun jahonga bo‘y ko‘rsatayotgan milliy san’atimiz yanada yuqori marralarni zabt etadi, milliy taronalarimiz, o‘zbekona kuylarimiz, yosh, iste’dodli xonanda-yu, sozandalarimiz yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi.

Dilshod NARZULLAYeV
suhbatlashdi.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.