>>Dolzarb mavzu >>ENERGETIKA XAVFSIZLIGI: AMALIY HARAKATLAR VAQTI
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimidan (MOBET) chiqish to‘g‘risidagi qarori so‘nggi paytlarda xorijiy ommaviy axborot vositalarining eng «qaynoq» mavzularidan biriga aylandi. Bugungi kunda yetakchi telekanallar, ko‘p nusxali gazetalar, taniqli axborot saytlari bu voqeani sharhlar ekan, ko‘pincha ishonchli bo‘lmagan manbalardan faydalanishayapti. Bunday maqola va teleko‘rsatuvlarning mualliflari zo‘r berib bu qaror go‘yo siyosiy maqsadlarni ko‘zlab qabul qilinganini isbotlashga urinmoqdalar.
Vaziyat aslida qanday? O‘zbekistonning MOBETdan chiqish haqidagi qarori mamlakatning tashqi siyosat borasidagi faoliyatiga biror jihati bilan aloqadormi? Bu savolga javob berish uchun dastlab Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi deb nomlangan bu tuzilma mohiyatiga oydinlik kiritib olish kerak bo‘ladi. U Sovet Ittifoqi davridayoq mazkur «superdavlat»ning hududiy yaxlitligidan kelib chiqqan holda tuzilgan edi.
Bunda Markaziy Osiyo SSSRning bir qismi sifatida qaralib, o‘zaro qo‘shni respublikalar chegaralari inobatga olinmagan. Masalan, Tojikistonning energotizimi ikki qismdan iborat bo‘lib, ular bir-biri bilan O‘zbekiston elektr tarmoqlari orqali birlashgan edi. Surxondaryo viloyatining ayrim hududlariga elektr energiyasi Tojikistonda joylashgan Nurek GESidan yetkazib berilsa, Tojikistonning ba’zi rayonlari Qayroqqum, Farhod GESlari va Sirdaryo IESi hisobidan elektr bilan ta’minlanardi. Bunday tizim Ittifoq tarqab ketgandan so‘ng ham o‘z faoliyatini davom ettirdi. Tomonlar o‘zaro energiya almashuvini bir-birlarining xarajatlarini saldoni nolga tenglashtirish orqali qoplash va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq talab qilmaslik asosida tuzilgan yillik shartnomalar bo‘yicha amalga oshirishar edi.
Ammo keyingi yillarda vaziyat o‘zgardi. Mushtarak energetika tizimining barqaror faoliyatini ta’minlash tamoyillari va ish tartibi bo‘yicha ko‘rsatmalar Tojikiston energotizimining «Barki Tochik» OAXK dispetcherlik boshqaruvi tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi tez-tez takrorlana boshladi. «O‘zbekenergo» DAKning bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan Tojikiston energetiklari elektr quvvati va energiyasi o‘tkazish bo‘yicha davlatlar o‘rtasida kelishilgan jadvalning muntazam ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yishdi. O‘zaro shartnomalar bo‘lmasa-da, O‘zbekistondan ruxsatsiz elektr energiyasi olib qo‘yilaverdi, bu esa birlashgan tizimda yirik halokatlarni keltirib chiqardi.
Masalan, joriy yil avgustida «Barki Tochik» OAXK xodimlari o‘zboshimchalik bilan Nurek GESini to‘yintirdi. Natijada «G‘uzor» (O‘zbekiston) va «Regar» (Tojikiston) podstansiyalari oralig‘idagi L-507 yuqori voltli elektr simlarida tok oqimining uzoq muddat davomida me’yordan oshishi, shuningdek, elektrostansiyadagi halokatga qarshi qurilmaning ishlamagani tufayli Tollimarjon IESida avariya yuz berdi. Uni bartaraf etish uchun «O‘zbekenergo» DAK juda katta miqdorda mablag‘ sarfladi.
9 noyabr kuni yana bir favqulodda holat yuzaga keldi. Texnik sabablarga ko‘ra, Tojikistonning janubiy qismi va O‘zbekistonning ba’zi xududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi Nurek GESida «Regar» podstansiyasidan «Surxon» podstansiyasiga tortilgan yuqori voltli magistral liniyaga elektr energiyasi jo‘natish to‘xtatib qo‘yildi. Oqibatda L-Naibabat-1 yuqori voltli liniyasi orqali Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasi berish ham to‘xtab qoldi. Keyinchalik aniqlanishicha, halokatga Nurek GESida gidroturbinalar aylanish chastotasi har soniyada 41,9 Gts gacha pasayib ketgani sabab bo‘lgan ekan. Zero, belgilangan me’yorga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 45 Gts dan kam bo‘lmasligi kerak. Ikki tomonlama muzokaralar olib borilganidan so‘ng «O‘zbekenergo» DAK va «Bari Tochik» OAXK rahbariyati Nurek GESi faoliyatini izga solish maqsadida «G‘uzor» podstansiyasidan «Regar» podstansiyasiga kuchlanish jo‘natdi.
Oqibatda Tollimarjon IESida elektron himoyaning ta’sirchanligi va yuqori chastotali tokning paydo bo‘lgani bois maxsus avtomatik qurilma energotizimning Samarqand va Buxoro qismida kuchlanishni o‘chirib qo‘ydi.
Biroq bu ham so‘nggisi emas. Shu yilning 17 noyabrida go‘yoki «Regar» podstansiyasidagi halokat tufayli Tojikiston tomonidan Surxondaryo viloyatiga ikkita har biri 220 kVt bo‘lgan liniyadan elektr energiyasi berish to‘xtatildi. Oqibatda bu hudud ta’minotdan ajralib qoldi. Bularning barchasi O‘zbekistonning MOBETdan chiqish haqidagi qarori faqat texnik sabablarga asoslangan bo‘lib, u mamlakat energotizimining barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilganini yaqqol isbotlab turibdi.
— Yuzaga kelgan vaziyatda O‘zbekiston MO BET imkoniyatlariga umid qilmasdan, respublika hududlarini elektr bilan ta’minlashning qo‘shni energotizimlarga bog‘liq bo‘lmagan yaxlit tizimini yaratish lozim deb topdi, — deydi «O‘zbekenergo» DAK milliy dispetcherlik markazi boshlig‘i Eso Sa’dullayev. — Vazifaning muhimligi inobatga olinib, Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo energotugunini mustaqil ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Yangi ishga tushirilgan elektr taqsimlash uskunasi respublikaning boshqa hududlarini ham bevosita O‘zbekiston energotizimidan ishonchli ravishda ta’minlash va qo‘shni energotizimlardagi halokatlar chog‘ida uzilish holatlarining oldini olish imkonini berdi. Shu bilan birga bundan keyin qo‘shni energotizimlar bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarni xalqaro amaliyotda qo‘llanilayotgani kabi tijorat asosida yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Unda mazkur masalaning barcha texnik va tijorat jihatlari hal etilgan energotizimlar bilan parallel ishlashni qaytadan tiklash ko‘zda tutilgandi.
Shuni ta’kidlash joizki, erishilgan kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energotizimlarining parallel ishlashi to‘xtagani yo‘q. Rejim beqarorligining asosiy manbai bo‘lgan Tojikiston energotizimi bugungi kunda alohida ishlamoqda. Ayni paytda Tojikistonning respublika energotizimi bilan bevosita bog‘lanmagan hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash to‘xtatib qo‘yilmagan va bu ish O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilmoqda.
«O‘zbekenergo» DAK Dushanbeni mazkur hududlarni mavjud elektr tarmoqlari orqali energiya bilan ta’minlashni davom ettirishga tayyor ekanligini rasmiy ravishda xabardor qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston energetiklari Tojikiston tomoni bilan ikkala mamlakat energotizimlarining parallel faoliyat yuritishini qaytadan tiklash shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borishga ham tayyor.
Jamoliddin TO‘XTASHEV,
Region.uz
|