Uzb | Rus
Bugun 29 Iyul  2010 y.
  >>Dolzarb mavzu   >>SUV — MUQADDAS NE’MAT

undan oqilona foydalanish — burchimiz

Xalqimiz qadim-qadimdan suvni ilohiy ne’mat deb bilgan, uni qadrlashni farzandlariga o‘rgatgan, suvni isrof qilishni gunoh deb hisoblagan. Darhaqiqat, suvning tomchisiyam muqaddas... Dunyo xaritasini ko‘z oldingizga keltiring-a, ona zaminimizning uchdan ikki qismi ummon, dengizlar, bir qismigina quruqlik. Garchi shunday bo‘lsa-da, umumiy suvning nari borsa, 2-3 foizigina toza suv...

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, respublikamizda yiliga 2,9 milliard metr kubdan ortiq suv ishlatiladi. Uning 92 foizi qishloq xo‘jaligiga, qolgani sanoat, energetika va boshqa sohalarda sarflanadi. Biz yer yuzidagi ko‘p suv ishlatadigan mamlakatlar sirasiga kiramiz. Poytaxtimizni olib qaraydigan bo‘lsak, bir kishi kecha-kunduzda 600-700 litr suvdan foydalanadi. Bir sutkalik me’yor esa 90-330 litrni tashkil etadi. Kishini o‘ylashga, mulohaza qilishga majburlaydigan tomoni, aholi tomonidan ana shu obi-hayotning teng yarmi zaruriy ehtiyoj uchun emas, shunchaki isrof qilinadi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikamizda suv zaxiralaridan tejab-tergab foydalanishning samarali texnologiyasini qo‘llashni hayotning o‘zi talab etdi. Suv xarajatini, suvni sarflashning aniq hisob-kitobini yuritish, bunda ekinlarga sarflanadigan suvni tejash, toza ichimlik suvidan maqsadli, ehtiyojga yarasha foydalanishga alohida e’tibor qaratib kelinyapti. O‘tgan davr mobaynida uning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi.

Hukumatimiz tomonidan viloyatlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirildi. Masalan, 2000-2005 yillarda Jizzax viloyatida 7 milliard so‘m kapital mablag‘ sarflanib, Zomin — Dashtobod — Zarbdor hamda Zarafshon — Mirzacho‘l ichimlik suvi tarmog‘i ishga tushirildi. Shuningdek, o‘tgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 243 kilometr uzunlikdagi Tuyamo‘yin — Taxtako‘pir suv tarmoqlari qurib ishga tushirildi.

Ma’lumki, respublikamizning sifatli ichimlik suvi kam g‘arbiy qismi katta mablag‘lar evaziga asosan sharoiti ancha yaxshi hududlarda qurilgan viloyatlararo magistral suv quvurlari orqali ta’minlanadi. Buxoro, Navoiy suv uzatish tizimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini Tuyamo‘yin suv omboridan olib tozalanadigan suv bilan ta’minlovchi Tuyamo‘yin — Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir mintaqalararo suv uzatish tizimi, Tuyamo‘yin suv omboridan olib tozalangan suvni uzatuvchi Tuyamo‘yin — Urganch — Gurlan — Mang‘it mintaqalararo suv tizimi Sirdaryo viloyatidagi Dehqonobod — Guliston — Yangier suv tizimi. Ularda nasoslar orqali suv uzoq masofalarga yetkazib beriladi.

Ba’zan biz har kuni ehtiyojimiz uchun yoki undan tashqari foydalanayotgan bebaho ne’mat toza ichimlik suviga aylanguncha qancha murakkab jarayondan o‘tishi, mablag‘lar sarf qilinishi haqida chuqurroq mushohada qilib ko‘rmaymiz. Go‘yo yashayotgan uyimizning ostida, qo‘shni devor ortidan jo‘mragimizga sharillab suv oqib kelayotganday...

Ernazar MAHMUDOV, O‘zFA «Suv muammolari» instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor.

— O‘zbekiston daryo suv manbalarining 80 foizi chetda, faqat 20 foiz suv hududimizda shakllanadi. Shakllanadigan manbalari kam bo‘lishiga qaramay aholimiz uzluksiz ichimlik suvi, obi-hayot bilan ta’minlangan. Hududimizning asosiy suv resurslari — Amudaryo va Sirdaryo trans chegaraviy suv havzalari hisoblanadi. Kollektor-drenaj suvlarini, shahar, ovullardan chiqayotgan oqova suvlarni daryo hamda kanallarga tashlanishi Amudaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon daryolarining o‘rta, quyi oqimida shu daryolardan to‘yinadigan yer osti suv manbalari, ichimlik suvini foydalanishga yaroqsiz holga keltiradi. Bunday salbiy holat aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashda qiyinchilik tug‘diradi.

Mamlakatimiz aholisini sifatli toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘p jihatdan mavjud suv inshootlarimizning moddiy-texnika bazasi, ahvoliga ham bog‘liqdir. Masalan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi suv inshootlarimizni olaylik.

Dunanboy QOZIBEKOV, Toshkent shahar hokimiyati davlat unitar korxonasi «Suvsoz» trestining bosh muhandisi:

— Trestimiz poytaxt bilan Toshkent viloyatining unga tutash bo‘lgan 4 ta tumanini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi, oqova suvlarini tozalab olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Ichimlik suvi ishlab chiqaradigan 7 ta inshootimiz bor, ulardan 2 tasi ochiq suv havzasi — Qadriya va Bo‘zsuv suv inshootlari. Qolgani — Qibray, Sergeli, Bektemir, Qorasuv va Janubiy yer osti suv inshootlaridir. Ko‘pchilik suv daryodan oqib kelib ichimlik suviga aylanguncha murakkab jarayonlardan o‘tishini xayoliga keltirmaydi. Suvning qadriga yetish, qiymatini chuqur anglashi uchun avvalo ana shu jarayonlar haqida bilimga, ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Suv ishlab chiqarish uch bosqichdan iborat murakkab tozalash jarayonidan iborat. Anhor, kanal, ariqdagi suvga qarasangiz tagi ko‘rinmaydi, ichida quyqa, loyqa bor...

Birinchi jarayonda daryo suvlari mavjud maxsus, hajmi 1 million va 500 ming kub metrdan iborat 2 ta tindirgichlarda «tinadi» va nasoslar orqali sizotlarga ko‘tarilib beriladi. Bu jarayonda daryo suvidagi loyqalar, maishiy chiqindilar «cho‘kadi», tozalanadi. Ikkinchi bosqichda suv kvars, qumdan o‘tkazib tozalanadi, shaffof holga keltiriladi. Uchinchi bosqichda suv xlor, gippoxlorid natriy solib mikroorganizmlardan tozalanadi. So‘ngra, iste’molchilarga toza ichimlik suvi holida uzatiladi.

Suvni, ayniqsa, yog‘ingarchilik oylarida tindirish uchun qo‘shimcha vositalar achchiq tosh, koagulyant qo‘shib tozalanadi. Bu jarayonlarga katta mablag‘lar sarflanadi. Hozirgi paytda suvni zararsizlantirishda ba’zi inshootlarda xlor o‘rniga gippoxlorid natriy tuzi ishlatilyapti. Chunki tuz salomatlik uchun foydali.

Afsuski, aholimiz ba’zan ana shunday katta mablag‘, murakkab mehnat orqali yetishtiriladigan ichimlik suvidan pala-partish foydalanadi, isrof qiladi. Shahrimizda 3 ming 590 kilometrdan ortiq suv tarmoqlari bor.

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyoti bankining 10 million dollarlik investitsiyasi bilan poytaxtda mavjud suv inshootlari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yana bir muhim jihati, ushbu suv inshootlaridagi jarayonlar to‘liq avtomatik boshqarishga o‘tkazildi. Suv sifatini nazorat qiladigan laboratoriyalar kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlanib, jahon andozalariga moslashtirildi.

Aleksey SHARIPOV, «Bo‘zsuv» bosh suv inshooti bosh muhandisi:

— Inshootimizda daryodan kelayotgan suvga qayta ishlov beriladi, filtrlanadi, zararsizlantiriladi va shahar aholisiga iste’molga uzatiladi. Bir kecha-kunduzda maksimum 264 ming kub metr suv qayta ishlab chiqariladi. Ayni paytda minimal rejimda 167 ming kub metr suvni tozalab iste’molchilarga uzatayapmiz. Mamlakatimizda birinchi bo‘lib suvni gippoxlorid natriy, ya’ni yodlanmagan tuz bilan tozalash texnologiyasini joriy etganmiz. Inshootimizda ishlab chiqarilayotgan ichimlik suvimizning sifati, qayta ishlash texnologiyalari jahon standartlari me’yorlariga to‘liq javob beradi.

Tizim mutaxassislarining ta’kidlashicha, suv inshootlarini avtomatik tarzda boshqarishning afzalliklari ko‘p. Masalan, aholi qishda, yomg‘irli, salqin vaqtlarda suvdan nisbatan kamroq foydalanadi. Avtomat iste’mol kamayganini darhol ma’lum qiladi.

Tizim kompyuter orqali boshqariladi. Zudlik bilan suv ishlab chiqarish kamaytiriladi, ya’ni sarf-xarajatlar iqtisod qilinadi. Bu suvning tannarxini arzonlashtiradi.

— Odamzodning fe’li shunaqa, goho biz mo‘l-ko‘l ko‘ringan narsani tejashga harakat qilmaymiz. Mana, biz xorij unday, xorijda odamlar bunday yasharkan, deymiz og‘zimizning tanobi qochadi. Masalan, arablarni olaylik. Chunki, arab mamlakatlarida to‘rt fasl — yil o‘n ikki oy harorat baland. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir kishi kecha-kunduzda 70-80 litr toza ichimlik suvi ishlatar ekan. Yoki suvning «qoq o‘rtasi»da joylashgan yevropa davlatlarida-chi? yevropaliklar kuniga 180 litr suvdan foydalanishadi.

Kimdir aytishi mumkin, xo‘sh, o‘sha kir yuvish, gilam yuvishga ortiqcha sarflangan arzimagan ichimlik suvi «ot bilan tuya bo‘larmidi?» deb. Olimlarning hisob-kitoblaricha, «arzimagan» 5 daqiqada 20 litrdan ortiq suv behudaga oqib ketarkan. Endi shuni 560 ming abonentdan iborat poytaxt xonadonlariga nisbatan olsak, besh daqiqada 11 million 648 ming litrdan ortiq ichimlik suvi bekorga oqib ketadi. Respublika miqyosida olsak-chi? Bugungi kundagiday 600-700 litr emas, me’yordagi 90-330 litr suv sarflasak, sarf xarajatlar 30 foizga qisqaradi. Poytaxtning o‘zida bir kecha-kunduzda 12 million so‘m mablag‘ tejab qolinadi.

Toza ichimlik suvidan bunday xo‘jasizlarcha foydalanish respublikamizning iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir etadi. Fikrimizni Toshkent shahri misolida olib qaraylik-chi.

G‘aybulla SOLIHOV, Toshkent shahar hokimiyati davlat unitar korxonasi «Suvsoz» tresti bosh muhandisi o‘rinbosari:

— Sarf-xarajatlar asosan elektr energiyasi, suvni loyqadan tozalash uchun zarur bo‘ladigan koagulyant, bakteriyalardan tozalash maqsadida ishlatiladigan xlor, tuz, nasos hamda boshqa uskunalar sotib olish, suv uzatish magistral quvurlari hamda ichki quvurlardan foydalanish, ularni o‘z vaqtida almashtirishga ketadi. Masalan, Toshkent shahri aholisiga kecha-kunduzda o‘rtacha 2 million 300 ming metr kub ichimlik suvi yetkazib beriladi. Ana shu miqdordagi suvni iste’molga yaroqli holga keltirish uchun o‘rta hisobda 10 tonna achchiq tosh, 2 tonna xlor, 820 ming kv/soat elektr energiyasi sarflanadi. Poytaxt aholisi bir kecha-kunduzda 40 million so‘mlik ichimlik suvi iste’mol qiladi.

Turmushning o‘zi bugun toza ichimlik suvidan foydalanishda aholining bu masalaga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishi naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatib turibdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan suvdan oqilona foydalanishda muayyan chora-tadbirlar belgilanyapti. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 3 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasi uy-joy fondini sovuq va issiq suv hisoblagich asbob-uskunalari bilan jihozlash investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 avgustdagi «Sovuq va issiq suv hisoblagich asbob-uskunalari o‘rnatish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorini hayotga tatbiq etish maqsadida «Suvsoz» DUK tresti va «Toshissiqlikquvvati» IChB suv iste’molini hisoblovchi asboblarni o‘rnatish bo‘yicha qator tashkiliy ishlarni olib boryapti.

Ko‘rinib turibdiki, toza ichimlik suvi mashaqqatli mehnat, murakkab texnologik jarayonlardan so‘ng iste’molchilarga yetkazib beriladi. Toza ichimlik suvining qadri, qiymati baland. Afsuski, aholi orasida uning qadr-qiymatiga bepisand munosabatda bo‘lish hollari hamon uchrab turibdi. Kundalik ro‘zg‘or uchun ishlatiladigan toza ichimlik suvini olaylik. Oddiy misol, biz gohida kir yuvish, chayqash, ayniqsa, yoz oylarida gilam, poyondozlar, shaxsiy avtomashinalarni tozalash uchun yumushimizni tamomlamaguncha suvning jo‘mragini berkitmaymiz, sharillab oqib yotaveradi. Boz ustiga, tuman, shahar, poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarda, mahallalarda yashovchilar 10-20 qulochli rezina shlangni 1-qavatdagi xonadon, yerto‘ladagi vodoprovod jo‘mragiga ulab qo‘yishadi-da, hovlidagi o‘simliklarni sug‘orishadi, yo‘laklarga ko‘llatib ichimlik suvini sepishaveradi... Qish kunlarida esa hatto issiq suv quvurlariga shlanga ulab, yengil avtomashinalarni yuvayotganlarga duch kelamiz.

Ularga yaqinlashib tanbeh berib ko‘ring-chi?.. «Nima kamayib qolarmidi?», — deydi. Chunki suvning mehnati, qadri, uvoli haqida umuman tushunchaga ega emas. Hech kim indamasa, ayniqsa, mas’ullar indamasa bilganini qilaveradida. Suv haqini to‘lashga kelganda esa yana muammolar tug‘iladi...

G‘aybulla SOLIHOV: — Bugun biz bozor iqtisodiyoti sharoitida yashayaptiz. Hamma jabhada bo‘lgani singari, bizning sohadayam endi — ta’minotchi va iste’molchi bor. Aytaylik, ichimlik suvi sifatini oshirish, tannarxini tushirish o‘zimizga bog‘liq.

Hukumatimiz tomonidan tabiiy resurslar, gaz, neft, suv va undan tejab-tergab foydalanish to‘g‘risida me’yoriy hujjatlar, qaror va qonun qabul qilingan. Tabiiy resurslarni iqtisod qilish davlatning iqtisodiy salohiyatini oshiradi va odamlarning shaxsiy mablag‘larini tejaydi, hamyonini boyitadi. Afsuski, ba’zi odamlar bu masalaga beparvo, loqayd qarashadi.

Birodar, o‘ylab ko‘ring, tabiatda suvning o‘rnini hech narsa qoplay olmaydi, suvning muqobili yo‘q... Uni tejash, asrash, toza saqlashga majburmiz. Isrof qilinayotgan suvga sarflangan mablag‘-chi? Bu sarf-xarajatlarni kim qoplaydi? Ta’minotchi isrof bo‘lgan suvning xarajatini tannarx hisobidan qoplaydi. Agar iste’molchilar suvni tejasa, tabiiyki, uning tannarxi tushadi.

Bugungi kunda ichimlik va oqova suvlardan umumiy debitorlik qarzlari oz emas. Vaholanki, bu masalaning yechimi ta’minotchi va iste’molchi, ya’ni o‘zimizga bog‘liq.

Biz, soha xodimlari esa iqtisod qilingan mablag‘larni suv tarmoqlarini yangilash, ta’mirlashga sarflaymiz.

Suv isrofgarchiligining oldini olish uchun rejalar ishlab chiqqanmiz. Suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha Yaponiyaning «Jayka» firmasi, gollandiyalik mutaxassislar bilan loyihalarni amalga oshirdik. Xorijiy davlatlarda aholining suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish uchun ommaviy axborot vositalaridan keng foydalanilar ekan, bog‘chada maxsus mashg‘ulotlar, maktablarda fan o‘qitilar ekan.

Biz ham bukletlar, roliklar tayyorlab, namoyish etyapmiz. Ayniqsa, aholi orasida suv hisoblagich asboblaridan foydalanish borasida olib borgan tashviqotlarimiz ijobiy natijasini bera boshladi. Bugungi kunda poytaxtimizda shaxsiy uy-joylarda 34 foiz, ko‘p qavatli uylarda 62,2 foiz, tashkilot va korxonalarda 100 foiz suv o‘lchagich asboblari o‘rnatildi.

— Suv hisoblagichning foydali tomoni ko‘p ekan, — deydi. Toshkent shahar, Hamza tumanidagi M.Riyoziy mavzesi, 23-uy, 5-xonadon bekasi Feruza Xudoynazarova. — Avvalo, suvdan tejab foydalanishga odatlandik, oilaviy byudjetimizga ham foyda bo‘lyapti. Suv betakror nazir, obi-hayot tirikligimiz manbai. Ichimlik suvi inson qo‘li bilan yaratilayotgan mashaqqatli mehnat mevasi. Uni uvol-zavol qilishdan asrashning esa savobi katta.

Saida SAYXUN, «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
Suratda: «Bo‘zsuv» bosh suv inshootining zararsizlantirish laboratoriyasi bir guruh xodimlari ish ustida.
Shavkat QAHHOROV olgan surat.

TAHRIRIYATDAN: Gazetamizning shu yil 3 noyabr sonida e’lon qilingan «Gazning mehnati, qadri va haqqi», 1 dekabr sonidagi «Uyingiz nurga to‘lsin» sarlavhali maqolalarda mamlakatimizda gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlariga sarflanadigan mehnat va xarajat, ammo ayrim joylarda ulardan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani, noqonuniy foydalanish hollari yuz berayotgani haqida fikr-mulohazalar bildirilgan edi.

«Suv — muqaddas ne’mat» sarlavhali bugungi maqolada esa jamoatchilik e’tiborini ichimlik suvi qadri, uni iste’molchiga yetkazib berguncha bo‘lgan mashaqqatli jarayon, suvdan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan isrofgarchiliklarga qaratishga harakat qildik.

Maqolada o‘z fikrini bildirgan mutaxassislar ta’kidlaganidek, ichimlik suvi tayyor holda g‘oyibdan paydo bo‘layotgani yo‘q. Unga ko‘pdan-ko‘p mehnat va mablag‘ sarflanmoqda. Afsuski, uni tejash, qadriga yetishga hamma ham yetarli e’tibor bermayotganidan ko‘z yumolmaymiz. Kundalik turmushda ichimlik suvini behisob darajada isrof qilish hollari uchrab turibdi. Agar suv, gaz, elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalansak, oilamiz byudjetini ortiqcha xarajatdan asraymiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Hurmatli gazetxon!

Suv — hayot manbai, demak u muqaddas ne’mat. Ayni chog‘da ichimlik suvi behisob emas. Ko‘plab mamlakatlarda u noyob ne’mat bo‘lib turibdi. Uning tanqisligi tobora oshib bormoqda. Demak, unga loqayd munosabatda bo‘lish bu muammoni yanada keskinlashtiradi. Shunday ekan, suvni tejash, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, umuman, suvga munosabatni tubdan o‘zgartirish, ya’ni suvga munosabat madaniyatini yuksaltirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Sizning fikr-mulohazangiz, takliflaringiz suvdek muqaddas ne’matni tejashga, mamlakatimiz iqtisodiyotini ortiqcha sarf-xarajatlardan asrashdek ezgu va savob maqsadlarga xizmat qiladi.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Iyul >>
Y D S Ch P J Sh
        1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.