>>O’zXDP fraksiyasi faoliyati >>DAVLAT BUDJETI IJROSI
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlar Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilayotgan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2009 yil 9 oyidagi ijrosi yakunlari to‘g‘risida»gi masalani muhokama qildilar. Bu haqda moliya vazirining o‘rinbosari Mo‘bin Mirzayev ma’ruza qildi.
— Davlat byudjetining o‘tgan 9 oydagi ijrosi chog‘ida respublika hukumatining shu yil 13 fevraldagi majlisida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 2009 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish, shuningdek, Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining mamlakatimiz iqtisodiga salbiy ta’sirini bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, — dedi u. — Xususan, 2009 yil 9 oyi mobaynida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8 foizni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi 9,1, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 3,3, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 15,8, qurilish ishlari hajmi 33,5 foizga ko‘paydi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish 28,3 foizga o‘sishi ta’minlandi...
Shuningdek, majlisda birinchi o‘qishda muhokamaga kiritilayotgan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Loyihada Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan 2010 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqadigan normalar o‘z ifodasini topgan. Unda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va jamoat tashkilotlarining soliq qonunchiligini yanada takomillashtirish, qarama-qarshi va ikki yoqlama talqin etishni bartaraf etish, Soliq kodeksi ayrim normalarini aniqlashtirish, kodeksning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan takliflari aks ettirilgan.
Qonunchilik palatasi muhokamasiga birinchi o‘qishda kiritilayotgan «Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Hujjatda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ularni yangi moddalar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Fraksiyada Qonunchilik palatasi muhokamasiga ikkinchi o‘qishda kiritilayotgan «Sud ekspertizasi to‘g‘risida», «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10 va 11-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonunlar loyihalari ham muhokama qilindi.
Majlisda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan fraksiyaning nuqtai nazari belgilab olindi.
Gulruh ODASHBOYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
|